O‘tgan yili ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70 foizi ichki bozorda sotildi
Hozirda energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda. Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti.
Keyingi uch yilda suv inshooti, magistral tarmoq va taqsimlash nuqtalariga 4 ming 150 ta suv hisoblagich o‘rnatish, 2026-yilgacha 243 ta gaz taqsimlash punktlarini yangilash vazifasi turibdi.
Yiliga qurilayotgan 100 mingta xonadonli ko‘p qavatli uy-joy hamda 13 million kvadrat noturar binolar uchun ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari, elektr va gaz hisoblagichlari kerak. Avtomobil sanoatida har yili 200 million dollardan ortiq elektrotexnika mahsuloti import bo‘layapti.
Ushbu tarmoqlarning barchasi davlatdan imtiyoz va arzon mablag‘lar olayotganiga e’tibor qaratib, Prezident mutasaddilarning “mahalliy mahsulotlar bizni talabga javob bermaydi, import qilishga majburman” degan bahonasi endilikda o‘tmasligini qayd etdi.
Shuningdek, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida elektrotexnika tarmog‘iga oid ko‘p masalalar o‘z yechimini topdi. Masalan, faktoringdan eng ko‘p foydalanuvchi ham elektrotexnika korxonalari. Yil yakunigacha sohaga kamida 30 million dollarlik faktoring uchun resurs jalb qilinadi.
Hozirda tashqi qarz hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda chetdan kirayotgan tovarlar bojxona boji va QQSdan ozod qilingan. Lekin bu loyihalarda qatnashayotgan o‘zimizning korxonalar QQS to‘layotgani oqibatida import tovarlar bilan narx bo‘yicha raqobat qila olmagani uchun bunday loyihalardagi ishtiroki cheklangani ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga yetkazib berilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilishi belgilandi.
Tarmoq korxonalariga yagona talab – sifat, tannarx va raqobat. Buning uchun ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy qilinishi va sertifikat mavjud bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Prezident maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozor hisobidan rivojlanib kelayotganini qayd etdi. O‘tgan yili ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70 foizi ichki bozorda sotilgan.
Tashqi bozorlarda tarif va notarif to‘siqlar ko‘pligi bor gap, lekin eksport bozorlarida yirik uzelli yig‘ish asosida ishlab chiqarish qilib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkin.
Endilikda qo‘shni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylantirish kerakligi ta’kidlandi va mutasaddilarga qo‘shni bozorlarda milliy brendlarimiz ostida kamida 15 tadan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Sharhlar