OTMlarga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushdi
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni IIV Akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 22 ming AQSH dollari olgan vaqtida dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Qarshi innovatsion ta’lim universiteti mutaxassisi 3 nafar fuqaroni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga mazkur oliy ta’lim muassasasidagi tanishlari orqali har birini 4 ming AQSH dollaridan, jami 12 ming AQSH dollari evaziga 2-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. U 11700 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Toshkent viloyati Chinoz tumanida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Olmaliq shahar bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga Olmaliq shahrida yashovchi fuqarodan 3500 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Xorazm viloyatida Urganch davlat universitetining fakultet dekani Gurlan tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini mazkur oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda bo‘ladigan ijodiy imtihonlardan o‘tkazib berish evaziga 2600 AQSH dollari va 2,5 mln. so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Sharhlar