Toshkentdagi kafeda 23 kishi ovqatdan zaharlandi

Foto: oyina.uz

Toshkent shahrida 23 kishi “MUHTESHEM DONER” kafesida ovqatdan zaharlandi, deya ma’lum qilmoqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi.

6—8-sentabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar fuqaro, shulardan 22 nafari Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga hamda 1 nafari Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra ularning barchasi 2024-yilning 5-sentabr kuni Yunusobod tumanida joylashgan “MUHTESHEM DONER” kafesida bir necha turdagi taomlarni iste’mol qilganligi ma’lum bo‘ldi. Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 12-sentabr 09.00 holatiga ularning 13 nafariga uyiga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemorlarga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda.

Bugungi kunga kelib Sanepidqo‘mning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi iste’mol qilgan mahsulot) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelinmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.