Jizzaxdagi bolalar bog‘chasida ikki nafar bola ovqatdan zaharlandi
Bolalar ombudsmaniga Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qayd etilgan bolalar zaharlanishi holati yuzasidan xabar kelib tushdi. Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan mazkur holat o‘rganildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 2-avgust kuni Paxtakor tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan I.F. (qiz bola, 2020-yilda tug‘ilgan) va S.T. (qiz bola, 2019-yilda tug‘ilgan) lar tana haroratining ko‘tarilishi sababli ota-onasi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan, bolalar ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan gumonlanib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat bo‘yicha shu kunni o‘zida ushbu nodavlat ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan qolgan 14 nafar bola ham tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida shifokorlarning kuzatuviga olinib, zarur muolajalar olib borilgan va ularda sog‘ligidan shikoyatlar aniqlanmaganligi tufayli uylariga javob berilgan.
Shuningdek, epidemiologik surishtiruv davomida bolalarga nonushta payti berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olingan.
Hozirda Paxtakor tumani prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Tayinlangan tegishli ekspertiza natijasidan kelib chiqqan holda prokuratura tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Bolalar ombudsmani bolalar sog‘lig‘iga oid mazkur vaziyat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Sharhlar