O‘z qizi tomonidan Turkiyada qiyin ahvolda qoldirilgan ayol va uning o‘g‘li O‘zbekistonga qaytarildi
O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasiga 45 yoshli fuqaro I.G. murojaat qilib, o‘zi va voyaga yetmagan farzandi Istanbulda qiyin ahvolda qolgani sababli O‘zbekistonga qaytishda yordam berishni so‘ragan. Bu haqda konsulxona matbuot xizmati yozmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning avgust oyida yurtdoshimiz 19 yoshli qizi A.B.ni madrasada diniy ta’lim olish uchun Istanbulga yuborgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach esa ishlab pul topish va farzandiga g‘amxo‘rlik qilish maqsadida o‘zi ham 12 yoshli o‘g‘li bilan qizining oldiga Istanbulga kelgan.
Biroq, Istanbulga kelgach, qizi madrasada o‘qimayotganligini, qolaversa begona bir erkak bilan “shar’iy” nikohdan o‘tish niyatida ekanligini bilgan. Farzandiga nasihat bergan ona qizining qarshiligiga uchragan hamda o‘z farzandi tomonidan ko‘chaga chiqarib yuborilgan va shu tariqa fuqaro I.G. 12 yoshli o‘g‘li bilan ko‘chada qolgan.
“Qiyin sharoitda qolgan ona-bola Bosh konsulxona va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Istanbul shahridagi vakili, “O‘zbek ayollari huquqlarini himoya qilish” jamiyati ko‘magida va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligi homiyligi yordamida bugun O‘zbekistonga yuborilmoqda”, – deyiladi xabarda.
Shu o‘rinda, yurtdoshlarimizning voyaga yetmagan farzandlarini xorijiy davlatlarda nazoratsiz qoldirish, shuningdek xorijda xususiy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborishning salbiy oqibatlaridan yana bir bor ogohlantiramiz.
Fuqarolarimizning yurtimizga qaytishi uchun ko‘rsatgan beg‘araz yordamlari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyat vakilligiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Sharhlar