“Oʻzarxiv” agentligi direktori tizimda faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashdi

Joriy yil 28-iyun kuni Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasi, Shon-sharaf muzeyi majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi direktori ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi. Uchrashuvda ofline tarzda 55 nafar yosh va respublikamizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan 300 dan ortiq yosh xodimlar online tarzda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida ishtirok etishdi.

Yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, oʻz qobiliyati va isteʼdodini roʻyobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

“Shu bilan birga, Davlat rahbarining yoshlarimizga alohida eʼtibor va gʻamxoʻrligi tufayli sohada mutlaqo yangi tizim yaratilib, yoshlar siyosati mahalla darajasigacha tushirilib, yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda”, – deyildi uchrashuvda.

2024-yil – “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” munosabati bilan 30-iyun – “Yoshlar kuni”ni keng nishonlash hamda yoshlarning gʻoya va tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida, iyun oyi mamlakatimizda “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”

2024-yil 21-fevraldagi PF–37-son Farmoni 85-bandi ijrosini taʼminlash hamda davlat organlarining shaxsan birinchi rahbarlari va yoshlarning toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq muloqotini yoʻlga qoʻyish, joylardagi masʼul rahbarlar faoliyati natijadorligini oshirish maqsadida “Vazir va yoshlar”, “Rahbar va yoshlar”, “Sektor rahbari va yoshlar” formatidagi uchrashuvlarni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, Agentlik rahbariyati butun respublika boʻylab “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarini tashkil etib kelmoqda.

Xususan bugungi kunga qadar respublikamizning Qashqadaryo, Xorazm, Fargʻona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Namangan, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat olib borayotgan yosh arxivchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Bugun Toshkent shahar hududida faoliyat olib borayotgan 3 ta Milliy arxiv va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi yosh xodimlar bilan uchrashuv tashkil qilinmoqda.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirish boʻyicha ilgari surilayotgan innovatsion gʻoyalar, tashabbuslar yuzasidan berilayotgan takliflari koʻrib chiqiladi va eng yaxshi 3 ta taklif hamda gʻoya mualliflari Agentlik direktorining qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlanadilar.

Uchrashuvning ikkinchi qismida online va ofline ishtirok etayotgan yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollari va takliflari bilan rahbarga yuzlanadilar hamda ularning yechimlari boʻyicha muhokamalar oʻtkaziladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.