“O‘zarxiv” agentligining hududiy bo‘linmalari faoliyatida arxiv ishi va ish yuritish holati tahlil etildi
Jizzax viloyat davlat arxivlarida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan davlat arxivlarida amalga oshirilayotgan islohotlar va Jizzax viloyatida arxiv ishi va ish yuritish holati bo‘yicha davlat arxivlariga tashrif mavzusidagi Press-Tur o‘tkazildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
“O‘zarxiv” agentligi, Axborot va kommunikatsiyalar agentligi hamda Jizzax viloyat arxiv ishi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur Press-turda bir qator jurnalistlar OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Press-turda arxivlarda arxiv hujjatlarini saqlovini taʼminlash, hujjatlarni saqlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, arxiv hujjatlarini restavratsiya konservatsiya qilish, hujjatlarni raqamlashtirish va axborot tizimlariga kiritish holati kabi jarayonlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, “Jizzax viloyatida arxiv ishi va ish yuritish holati” bo‘yicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar yuzasidan hisobot berildi.
Dastlab jurnalistlar Sharof Rashidov tuman davlat arxivida davlat saqlovidagi arxiv hujjatlari va fotoko‘rgazma bilan tanishdi. Sharof Rashidov tuman davlat arxivi direktori Z.Isroilov tuman davlat arxivida hujjatlar saqlanishini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, arxivida hujjatlarni raqamlashtirish jarayoni, Milliy arxiv fondining Davlat katalogini yuritish ishlari, arxivda tashkilotlar hujjatlariga ilmiy texnik ishlov berish jarayoni bilan tanishtirdi.
Press-tur Jizzax viloyat davlat arxivida davom ettirilib, viloyat davlat arxivi direktori B.Usmonov hujjatlarni raqamlashtirish jarayoni va Milliy arxiv fondining Davlat katalogini yuritish ishlari bilan tanishtirdi. Press-tur yakunida Jizzax viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.Avliyoxonovning 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida davlat arxivlarida amalga oshirilgan islohatlar hamda belgilab olingan rejalar yuzasidan axboroti tinglandi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda Jizzax viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimida jami 4 ta davlat hamda 11 ta shaxsiy tarkib xujjatlari davlat arxivi faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kunda viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi davlat arxivlarida boshqaruv, shaxsiy tarkib hamda vaqtincha saqlov birligidagi jami 422 798 ta hujjat saqlanib kelinmoqda. 2024 yil 1-yarim yilligi davomida shu tarkibdagi 8049 saqlov birlikda boshqaruv, 2374 ta shaxsiy tarkib va saqlash muddati vaqtincha bo‘lgan 11756 ta saqlov birlikdagi hujjatlar qabul qilinib, ularga ilmiy-texnik ishlov berildi, ta’mirlandi, muqovalandi va tikildi.
2024 yil 1-yarim yilligi davomida 169119 saqlov birligidagi, ya’ni jami hujjatlarning 40 % Sovet hamda Mustaqillik davriga mansub boshqaruv hujjatlarning elektron nusxalari yaratilgan bo‘lib, bundan tashqari davlat arxivida saqlanayotgan fondlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratilmoqda. Hisobot davrida hududlardagi turli korxona muassasa va tashkilotlarda 12 ta nazorat tekshiruvi, 22 ta yalpi hamda 11 ta mavzuli o‘rganishlar o‘tkazildi.
Arxiv muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5834-Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida davlat saqlovida bo‘lgan arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratilmoqda.
Jizzax viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi xamda uning tizimidagi arxiv muassasalarida 2024 yil 1-choragiga mo‘ljallangan ish rejasining bajarilishi ta’minlashga qaratilgan samarali ishlar olib borilmoqda va tarmoq ishini rivojlantirishga erishilmoqda.
Sharhlar