O‘zbek filmi xalqaro kinofestivalda Gran-pri sovrininga loyiq deb topildi

Foto: hollywoodreporter

Yaponiyaning “Hollywoodreporter” nashri o‘zbekistonlik rejissyor Shokir Xoliqov boshchiligida suratga olingan “Yakshanba” filmi “Skip City International D-Cinema” festivalida oliy sovrin – Gran-pri bilan taqdirlanganini yoritdi.

Kinematografiya agentligi tomonidan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan maxsus grant asosida suratga olingan mazkur asar rejissyorning birinchi to‘liq metrajli badiiy filmi.

Anjumanning taqdirlash marosimi Saytama shtati Kavaguti shahridagi “Skip City” video zalida bo‘lib o‘tdi. “Eng yaxshi film uchun” mukofotiga loyiq ko‘rilgan asar keksa chol-kampirning osoyishta kundalik hayotidan hikoya qiladi.

Hakamlar hay’ati raisi, rejissyor Kazuya Shiraishi vafo, iliq munosabat haqida so‘zlovchi filmdan qattiq ta’sirlanganini e’tirof etdi.

11-20-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan, Fransiya, Yaponiya, Vengriya, Turkiya, Hindiston, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab mamlakatlardan ijodkorlar qatnashgan festivalda 10 ta sara film qo‘yildi.

“Skip City International D-Cinema” bir yo‘la 20 yillik yubileyini ham nishonladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.