“Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” Respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” Respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
O’qituvchilarning ta’lim sifatini oshirishga oid innovatsion g‘oyalarini, ularning pedagogik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan ushbu tanlov har yili ona tili va o‘zbek tili fanlari o‘qituvchilari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinadi.
Mazkur tanlov 2 bosqichda tashkil etildi. 16-20 sentabr kunlari tanlovning hududiy saralash bosqichlari o‘tkazilib, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ona tili va o‘zbek tili fani o‘qituvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan tashkil etilgan maxsus bot orqali ro‘yxatdan o‘tib, video-taqdimotlar bilan ishtirok etdi.
Hududiy bosqichlarda g‘olib deb topilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri maktablarining 2 nafardan ona tili va o‘zbek tili fani o‘qituvchilari tanlovning yakuniy bosqichida qatnashdi.
Toshkent shahridagi 191- va 196-maktablarda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘zbek tili va ona tili fanlaridan mahorat darslari o‘tkazildi.
Tanlovning respublika bosqichi yakunlariga ko‘ra, o‘zbek tili fani yo‘nalishida Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 60-maktab o‘qituvchisi Nasiba Kubayeva birinchi o‘ringa munosib topildi. Buxoro shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi Sarvinoz Doniyorova ikkinchi o‘ringa, Urganch shahridagi 15-maktab o‘qituvchisi Iroda Yo‘ldosheva uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Ona tili fani yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin Farg‘ona shahridagi 19-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Bahodir Jo‘rayevga berildi. Ikkinchi o‘rin Jizzax shahridagi 29-maktab o‘qituvchisi O’g‘iloy Abduraimovaga, uchinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi Iqboloy Yusupovaga berildi.
G‘oliblar pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Sharhlar