O‘zbekiston aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olish choralari ko‘rilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat sanitariya vrachining “Chet eldan maymunchechakning kirib kelishining oldini olish va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi ko‘rsatmasi asosida mamlakat aeroportlarida qator sanitariya-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Jumladan, fuqaro aviatsiyasi obyektlarining Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi bilan birgalikda 20-21-avgust kunlari aeroportlar tibbiyot xodimlari uchun maymunchechak kasalligining etiologiyasi, klinik koʻrinishi, epidemiologiyasi, diagnostikasi va oldini olish boʻyicha seminarlar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olishga qaratilgan sanitariya-targ‘ibot ishlari kuchaytirildi. Xususan, aeroport xodimlariga ushbu kasallik haqida soddalashtirilgan shaklda ma’lumot beriladi va ba’zi alomatlar vizual tarzda qanday namoyon bo’lishi tushuntiriladi. Bundan tashqari, sanitariya-karantin xizmati tomonidan aeroportlarda havo harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni masofadan turib aniqlaydigan teplovizorlar o‘rnatiladi.
“Uzbekistan Airports” AJning Tibbiy taʼminotni rivojlantirish departamenti JSST maʼlumotlariga tayanib, ushbu kasallikning yangi shtammi asosan Oʻzbekiston bilan toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar bilan bogʻliq boʻlmagan Afrika mamlakatlarida tarqalayotganini taʼkidladi.
Sharhlar