O‘zbekiston-AQSH: bojxona sohasidagi hamkorlikning yangi sahifasi ochilmoqda
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Amerika qo‘shma shtatlarida bo‘lib, bojxona sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim uchrashuvlar va muzokaralar olib borishmoqda, deb yozmoqda Bojxona qo‘mitasining matbuot xizmati.
Tashrifning asosiy voqeligi – Vashingtonda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov hamda AQSHning Bojxona chegara xizmati komissari Troy Miller o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston-AQSH o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng o‘tgan 32 yil davomida ikkala davlat bojxona xizmatlari rahbarlari o‘rtasida bu formatdagi yuzma-yuz rasmiy uchrashuv ilk bor o‘tkazilmoqda. Shu boisdan hozirga qadar o‘zaro hamkorlikning huquqiy asosi ham mavjud bo‘lmagan. Davlatimiz Rahbarining 2018 va 2023 yillarda AQSHga amalga oshirgan tashriflari davomida erishilgan muhim kelishuvlar barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘l ochib berdi”, – deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning AQSH bilan tovarlar tashqi savdosi so‘nggi 6 yilda 48 foizga oshdi. Joriy yilning 8 oyida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 64 foizga o‘sgan. Ammo, mavjud saloohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqilsa, bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish mumkin.
Buning uchun eng avvalo ikkala davlat bojxona xizmatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va axborotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali tashqi savdoning kengayishini rag‘batlantirishga zarurat tug‘iladi.
Shuning uchun ham muzokaralarda asosiy e’tibor bojxonada xavflarni monitoring qilish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish hamda inson resurslaridan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.
Uchrashuvnining tarixiy ahamiyati shundaki, O‘zbekiston-AQSH bojxona xizmati rahbarlari bojxona sohasidagi hamkorlikning muhim huquqiy asosi – “Hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida”gi Bitimni imzolashdi.
O‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochuvchi mazkur hujjat O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida bojxona sohasida axborot almashish imkonini beradi va giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, transmilliy jinoiy guruhlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga qarshi kurashishda hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
E’tiborli tomoni shundaki, AQSH bojxona sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi bu kabi ikki tomonlama bitimlarni dunyo bo‘ylab 200 ga yaqin davlatlar ichida atigi 17 ta davlat bilan imzolagan bo‘lsa, O‘zbekiston bu ro‘yxatda 18-davlat sifatida qayd etilmoqda.
Ayni shu jihatning o‘zi mamlakatimizda bojxona sohasini tubdan takomillashtirish va raqamlashtirish borasida erishilgan yutuqlar xalqaro darajada tan olinayotganini ko‘rsatadi.
Muzokaralarda AQSH chegara va bojxona xizmatining targetlash bo‘yicha mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish, shuningdek o‘zbekistonlik mutaxassislarning AQSHda malaka oshirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov AQSH Chegara va bojxona xizmati komissari Tomas Millerni O‘zbekistonga taklif qildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Milliy targetlash markazi, Kinologiya akademiyasi, Texasdagi San-Antonio xalqaro aeroporti, Laredo shahridagi “World Trade Bridge” avto chegara bojxona posti, “Texas-Meksika” xalqaro temir yo‘l o‘tkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishishlari rejalashtirilgan.
Sharhlar