Oʻzbekiston arxivlari: Tarixiy xotiradan Yangi Oʻzbekiston sari

Foto: “Oʻzarxiv” agentligi

Arxiv ishi sohasida ham ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, arxivlarda saqlanayotgan tarixiy hujjatlarga aholi, ilmiy jamoatchilikning qiziqishi kuchaydi. Buning natijasida arxivlarda saqlanayotgan boy tariximiz, boy maʼnaviy merosimizning hali oʻrganilmagan hujjatlari ilmiy oʻrganildi. Islohotlar natijasida tariximizni raqamlashtirish, yaʼni arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga eʼtibor kuchaytirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi, uning tizim tashkilotlari, vazirlik va idoralar arxiv xodimlari tashkilotchiligida bugun “Ajdodlar merosi-oʻchmas xotira” nomli haftalik doirasida  “Oʻzbekiston arxivlari: Tarixiy xotiradan  Yangi  Oʻzbekiston  sari” nomli anjuman anjuman hamda “Tarixiy xotira” nomli fotokoʻrgazma ish boshladi.

“Oʻzarxiv” agentligi davlat arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarini nes-nobud qilmay saqlanishini taʼminlash siyosati boshqaruvini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda tariximizga oid koʻplab arxiv hujjatlarini oʻrganishga ilmiy tadqiqotchilar jalb etilgan, ayniqsa yosh ilmiy izlanuvchilar soni oʻtgan yillarga nisbatan oshgan.

Foto: “Oʻzarxiv” agentligi

Anjuman ishida “Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi 60 dan ziyod va Oʻzbekiston Milliy arxivi saqlovidagi 20 dan ziyod arxiv ishi sohasi tarixiga oid “Tarixiy xotira” foto va arxiv hujjatlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Anjuman tantanali ochlishi oldidan ishtirokchilar arxiv ishi sohasi tarixiga bagʻishlangan mazkur fotokoʻrgazma bilan tanishib, turli yillarda arxiv sohasining rivojlanish bosqichlarini fotolarda koʻrib chiqdilar.

“Ajdodlar merosi-oʻchmas xotira” nomli haftalik doirasida bugungi kunda barcha hududlarda mavzuga bagʻishlangan turkum tadbirlar, foto va arxiv hujjatlari namoyishi keng ommaga yetkazilmoqda. Tadbirlarda  Oʻzbekiston arxivlarida saqlanayotgan eng qadimiy hujjatlar, jumladan IX asrga tegishli boʻlib, u Buxoro shohi Ismoil Somoniyning oʻz avlodlariga atab vaqf qilingan yerlar haqidagi maʼlumotlar, Arxivlarda 1500 dan ortiq vaqf hujjatlari kolleksiyasi saqlanib, ularning eng uzuni 83 metr, eng qisqasi 20 santimetrni tashkil etishi haqida, hujjatlarning asosi – teri, qogʻoz, kalka, shakllanishi – naqshinkor, rangli tuslardaligi haqidagi maʼlumotlar keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Saqlanayotgan qadimiy hujjatlar asosan arab, fors-tojik va eski oʻzbek (turk), rus tillaridagi hujjatlardir. Anjumanda arxiv hujjatlari davriyligiga alohida eʼtibor qaratildi, xususan ular uch davrni, yaʼni tarixiy davr (1917-yilgacha boʻlgan), Shoʻrolar davri (1917-1991-yilgacha) va Mustaqillik davri (1991-yildan to hozirgi kunga qadar) tashkil etishi taʼkidlandi.

Foto: “Oʻzarxiv” agentligi

Arxivlarda 800 ming saqlov birligidan ortiq alohida qimmatli hujjatlar saqlanmoqda, ular jumlasidan, “Vaqf hujjatlari kolleksiyasi” (IX asrdan – XX asr boshigacha), “Xiva xonlari kanselyariyasi ” (XVII asr boshi – XX asr boshigacha), “Buxoro amirligi” (XIV asr boshi – XX asr boshigacha), “Qoʻqon xonligi” (XVIII asr boshi – XIX asr oxirigacha) va boshqalar;

Saqlanayotgan hujjatlarning noyobligi va dunyo tamadduni tarixidagi oʻrnining ahamiyatli ekanligini inobatga olib, YUNESKO tomonidan 2017-yilda “Xiva xonlari kanselyariyasi” hujjatlari (20 ming saqlov birligidan ortiq) “Jahon xotirasi” dasturining Xalqaro roʻyxatiga kiritildi.

Foto: “Oʻzarxiv” agentligi

“Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari arxivlari orasida Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot milliy arxivi birinchi boʻlib va bugungi kunda yagona ISO 9001:2008 sifat menejmenti tizimi sertifikati hamda ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi sertifikatiga ega boʻldi va bugungi kunda “Sifatli hamda aniq muddatda arxiv xizmatlarini koʻrsatish” shioriga amal qilgan holda faoliyat yuritmoqda”, – deydi agentlik matbuot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev.

Tadbirda arxiv ishi sohasining tarixi, millatimiz ziyolilarning boshdan kechirgan murakkab sinovlari, muvaffaqiyati, arxivlarning rivojlanishi aks ettirilgan fotokoʻrgazmalar tashkil etilmoqda. Tarix va kelajakni bogʻlovchi ushbu tantanalar shukuhi, avvalo, kimlarning ajdodlari ekanimizni, Yaratganning ezgu nazari tushgan zaminda yashayotganimizni, yaqin tariximizda nimalar boʻldiyu, nimalar qilayotganimiz, va albatta bu ulugʻlikka munosib nimalar qilishimiz kerakligini koʻrsatib berdi.

Anjumanda, maʼruzachi va soʻzga chiqqanlar avvalo arxiv ishi tarixiga yuzlangan boʻlsa, tadbir davomida bugungi kunda dolzarb hisoblangan arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Tadbirda turli vazirlik va idoralar xodimlari, fuqarolar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Keksa avlod vakillari mustaqillikning ilk kunlarini yodga olib, yoshlarga uni qadrlash va eʼzozlash boʻyicha fikrlarini bildirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.