O‘zbekiston va Eron terma jamoalari futbol bo‘yicha JCh-2026 saralash bosqichi doirasida kuch sinashadi
Bugun, 10-oktabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida O’zbekiston — Eron terma jamoalari futbol bo‘yicha 2026-yil o‘tadigan Jahon chempionatining Osiyo qit’asi saralash bosqichi doirasida “A” guruhi 3-turida kuch sinashadi, deb yozadi O’zA.
Uchrashuv soat 19:00 da boshlanadi. Bugungi o‘yin oldidan har ikki terma jamoa 6 ochkodan jamg‘arib, guruhda yetakchilik qilmoqda.
Kecha mazkur o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Amir G’alen, futbolchi Serdar Azmun uchrashuv ikki jamoa uchun ham qiyin bo‘lishi, O’zbekiston yaxshi shakllangan jamoa bo‘lishiga qaramasdan, Eronga ochko bilan qaytish qat’iy niyatlari ekanini bildirdi.
Shuningdek, O’zbekiston terma jamoasining hujum chizig‘i kuchli futbolchilar bilan to‘laligi, biroq Eron terma jamoasi saralash bosqichining ortda qolgan o‘yinlarida gol o‘tkazib yubormagan yagona jamoa ekani, bugungi bahsda eng yaxshi o‘yinni namoyish etishga harakat qilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun JCh-2026 “A” guruhining 3-turi doirasida O’zbekiston – Eron uchrashuvidan tashqari, BAA – KXDR va Qatar — Qirg‘iz Respublikasi ishtirokidagi bahslar ham bo‘lib o‘tadi.
Terma jamoamiz Eronga qarshi kechadigan o‘yinda oq, darvozabonimiz yashil libosda harakatlanadi.
Sharhlar