O‘zbekiston madaniy yodgorliklar bilan bog‘liq xalqaro hujjatga qo‘shiladi
Senat yalpi majlisida“Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga (Rim, 2013-yil 29-noyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi 1956-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning qarorgohi Rimda joylashgan.
Hozirgi vaqtda 140 ga yaqin mamlakat ushbu xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan.
Ta’kidlanganidek, Xalqaro tadqiqot markazi ta’lim, axborot tarqatish, tadqiqotlar va hamkorlik, jamoatchilik kampaniyalari orqali jahon madaniy merosini asrab-avaylashga ixtisoslashgan xalqaro tashkilot.
Xalqaro tadqiqot markazi YUNESKOning maslahat organi bo‘lib, o‘z mandati doirasida jahon madaniy merosi ob’ektlarida amalga oshirishga mo‘ljallangan loyihalarni ko‘rib chiqishda tegishli xulosalar va tavsiyalar tayyorlashga yordam beradi.
Senatorlar qayd etganidek, Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga O‘zbekistonning qo‘shilishi xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish orqali tarixiy obidalarni restavratsiya qilish bo‘yicha yangi milliy maktabni shakllantirish, shuningdek, mamlakatimizda tarixiy yodgorliklar va me’moriy inshootlarni restavratsiya hamda konservatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Sharhlar