O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi: saylovoldi tashviqoti davomida qonun buzilish holatlari kuzatilmadi
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, joriy yilda siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga jami 875 nafar, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 ming 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga 24 ming 850 nafar nomzod ko‘rsatilgan.
“22-sentabrdan 25-oktabrga qadar boʻlib oʻtgan saylovoldi tashviqotida siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan qonun buzilishi holatlari kuzatilmadi. Bunda siyosiy partiyalar tomonidan imzolangan “Odob qoidalari” samarali natija berdi”, — deyiladi xabarda.
MSK maʼlumotlariga koʻra, saylovlarni 800 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatmoqda. Ayni paytda saylovni siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan esa 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi bevosita kuzatmoqda.
“Shu paytgacha MSKga ovoz berish jarayonida saylov qonunchiligi buzilganligi haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmagan. Saylovchilar, kuzatuvchilar yoki ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan saylov qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlansa, sudga, prokuraturaga, ichki ishlar organlariga yoki saylov komissiyalariga shikoyat qilishlari mumkin”, — deyiladi MSK xabarida.
Shu maqsadda barcha saylov uchastkalarida ma’muriy sudlar va prokurorlarning telefon raqamlari haqida ma’lumotlar mavjud.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari, shuningdek, Sirdaryo viloyati hokimi birinchilardan bo‘lib ovoz berdi.
Sharhlar