O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi
Yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan muloqotda tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 1-oktyabrdan ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi. Ushbu hujjat doirasida kelishilgan 14 xil mahsulotga import boji bekor qilinadi, eksportchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Ayni payt Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yanada oshirish maqsadida fitosanitar ruxsatnoma berish tartibi yengillashtirilgan.
1-avgustdan Ayritom – Hayraton chegara posti 24 soatlik ish tartibiga o‘tdi.
Xalqaro Termiz savdo markaziga keluvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi va ular barcha soliqlardan ozod etiladi.
Afg‘onistonlik tadbirkorlar mamlakatimizda faol ishlashi uchun ikki davlat o‘rtasida investitsiyani o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Ochiq muloqot shaklida kechgan uchrashuvda yurtimiz tadbirkorlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan shu va boshqa chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Sharhlar