O’zbekiston va Buyuk Britaniya atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilmoqchi
O’zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Aylanma bioiqtisodiyot alyansi xayriya tashkiloti ijrochi direktori Mark Palahi bilan uchrashuv o’tkazdi.
Mark Palahi O’zbekiston hukumati tomonidan Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo’yi hududlarida “yashil qoplamalar” – himoya o’rmonzorlarini barpo etish hamda respublikada bioxilma-xillikni tiklash va saqlab qolish borasida olib borilayotgan keng ko’lamli ishlarni yuqori baholagan.
“Aylanma bioiqtisodiyot alyansi ham ayni paytda dunyoda kuzatilayotgan iqlim o’zgarishi, suv taqchilligi va yer resurslari sifatining pasayishi sharoitida tabiatga neytral, inklyuziv va u bilan uyg’unlikda iqtisodiyotni rivojlantirish yechimlarini taklif etadi”, – deyiladi xabarda.
Muzokaralar natijasida Aylanma bioiqtisodiyot alyansi bilan respublikada atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik o’rnatish bo’yicha kelishuvga erishilgan.
2020-yilda hozirgi Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tomonidan tashkil etilgan “Aylanma bioiqtisodiyot alyansi” 2023-yil sentyabr oyida rasman xayriya tashkiloti sifatida ro’yxatdan o’tkazilgan. Alyans iqlimga neytral, inklyuziv va tabiat bilan uyg’unlikda rivojlanuvchi bioiqtisodiyotga o’tishni tezlashtirish uchun hukumat va nodavlat tashkilotlariga bilimlarga asoslangan hamkorlik platformasini taqdim etadi. Tashkilot faoliyati hozirgi vaqtda Britaniya qirollik oilasi va Yevropa o’rmon instituti tomonidan qo’llab-quvvatlanadi. 50 ga yaqin mahalliy va xorijiy ilmiy institutlar, yirik korporatsiyalar, banklar va fondlar, NNT va hukumatlar bilan hamkorlik qiladi
Sharhlar