Prezident Malayziya Bosh vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari, shu jumladan Malayziya Bosh vazirining joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo, hukumatlararo, ishbilarmonlik aloqalari sezilarli faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 29-may kuni Putrajaya shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi. O‘zbekiston-Malayziya ishbilarmonlar kengashi tuzildi.
Sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Gumanitar almashinuv va ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Sharhlar