O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston parlamentlararo hamkorligining istiqbollari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Tashrif doirasida ikki mamlakat yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari ochiq va ishchan muhitda bo‘lib o‘tgani, muloqotning samarali natijalari haqida so‘z bordi. Bu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
“Davlat tashrifi davomida imzolangan jami 14 ta hujjat mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichda olib chiqishi, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishga turtki bo‘lishi aytib o‘tildi”, – deyiladi xabarda.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. Yetakchi kompaniya va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda madaniyat, taʼlim, turizm sohalarida faol almashinuvlarning yo‘lga qo‘yilishi halqlarimizni yana-da birlashtirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
“Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston parlamentlari do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirish va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklif qilindi”, – deyilgan.
Munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni ishlab chiqish va imzolash masalasi qo‘llab-quvvatlandi.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
Sharhlar