O‘zbekistonda hududlarning master rejalari ishlab chiqiladi

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-avgustdagi 497-son qarori bilan “Hududning master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risida”gi nizom qabul qilindi. Bu haqda Norma yozmoqda.

Prezidentning 11.09.2023 yildagi PQ-299-son qaroriga muvofiq shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlar qismlarining yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hududiy va iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish hamda ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun master-rejalarni ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda.

Master-rejalar yoki batafsil rejalashtirish loyihalari hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyihaviy yechimlarni o‘z ichiga oladi.

Hujjat bilan Hudud master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

hudud master-rejasini ishlab chiqishga qo‘yiladigan talablar;
master-rejani kelishish va tasdiqlash tartibi;
hudud master-rejasini moliyalashtirish manbalari.

Master-reja quyidagi hollarda ishlab chiqiladi:

hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmaganda;
hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarlicha foydalanilmaganda;
master-reja asosida bo‘sh yer uchastkasi auksionga qo‘yilganda;
qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va xo‘jalik maqsadidagi yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda.

Batafsil rejalashtirish loyihasi, qurilish loyihasi va ushbu hududning dizayn-kodi bilan birga ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master-reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi.

Shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master-rejani tasdiqlash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2024-yil 22-avgustdan kuchga kirgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.