O‘zbekistonda mushuklar ozuqasidan xavfli zahar topildimi?
200 mingdan ortiq obunachiga ega boʻlgan “Dajest – Oʻzbekiston yangiliklari” Telegram ijtimoiy tarmogʻida Oʻzbekistonda “Chammy” nomli mushuklar ozuqasi tarkibida xavfli zahar topilgani haqida maʼlumot eʼlon qilindi.
“Mutaxassislar “Chammy” brendining mushuklar ozuqasida qo‘rg‘oshin borligini aniqlashdi. Baliq, tovuq va mol go‘shti mazasi bo‘lgan ozuqa xavfli deb hisoblangan. Bir nechta uy hayvonlari allaqachon bu ozuqadan zaharlangan. Mushuklari bor do‘st va tanishlaringizni ogohlantiring”, — deyiladi xabarda.
Samarqandda joylashgan “Terra Animal Welfare Society” nodavlat tashkiloti o‘z sahifalarida xuddi shunday matnli postni e’lon qildi.
HUKM: QISMAN ROST
Internetda mavzu bo‘yicha ma’lumot izlanganda, yangiliklarning asosiy manbai ushbu nashr ekanligi aniqlandi. Unda aytilishicha, iste’molchilarning uy hayvonlari zaharlanishi haqidagi takroriy shikoyatlaridan so‘ng, Rossiyaning oziq-ovqat va qadoqlash sifatini himoya qilish “Qonun va salomatlik” jamg‘armasi tekshiruv boshlagan. Moskvadagi VETA laboratoriyasi “Chammy” mushuklar ozuqasi mahsulotlarini ekspertizadan o‘tkazdi, unda qo‘rg‘oshin borligi aniqlandi.
Brend “Forsaj” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, qo‘rg‘oshin esa ozuqaga “qadoqlash tuzimidagi” qoidabuzarliklar tufayli tushgan.
“Uzum”, “Sello”, “Vet Zooplaneta” bozorlarida “Chammy” brendi ostidagi nam ozuqalar sotiladi.
“Agar ozuqa tarkibida qo‘rg‘oshin borligi haqida da’volar bo’lsa, bu kimyoviy tahlil bilan tasdiqlanishi va ushbu mahsulot partiyasi sotuvdan olib tashlanishi kerak”, — deya izoh berdi veterinariya shifokori anonimlik sharti bilan.
Baholash uchun mustaqil ekspertlarni ham jalb qilish kerak, chunki bu masala “noaniq oqibatlar”ga olib kelishi mumkin.
Oʻzbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tahririyat soʻroviga javob bermadi. Yuborilgan quyidagi savollar javobsiz qolmoqda:
1. Ijtimoiy tarmoqlarda mutaxassislar “Chammy” brendining mushuklar ozuqasida qo‘rg‘oshin topgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu rostmi? Rossiyada tayyorlangan qo‘rg‘oshinli mushuklar ozuqasi O‘zbekiston bozoriga kirganmi?
2. O‘zbekistonda mushuklarning “Chammy” ozuqasidan zaharlangani haqida xabarlar bormi?
3. Agar bu xabarlar rost bo‘lsa, qo‘mita biron bir chora ko‘rishni rejalashtiryaptimi?
Dana Oparina
Sharhlar