O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi
Respublikada kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan talab hafta davomida 16,5 million kVt•soat yoki o‘rtacha 7,1 foiz oshgani kuzatildi. Xususan, 25 va 26 iyul-kunlari energotizim bo‘yicha mutlaq tarixiy rekord ko‘rsatkichlar yangilandi.
Jumladan, 25-iyul kuni soat 15:47 da havo harorati +39,7 darajada (Toshkent shahrida) O‘zbekiston energotizimida iste’mol quvvati 11 ming 822 MVtni tashkil qildi.
Mazkur ko‘rsatkich yoz davri uchun tarixdagi absolyut rekord bo‘lib, 2023-yil 28-iyulda (+40 daraja) qayd etilgan eng yuqori iste’molga nisbatan 343 MVt ko‘p bo‘ldi.
Shuningdek, 26-iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr energiyasi iste’moli 253,3 million kVt•soatni tashkil etib, 2023-yil 28-iyul kungi yozgi maksimal iste’moldan 0,9 million kVt•soat ko‘p bo‘ldi.
Toshkent shahrida 26-iyul kuni absolyut tarixiy rekord iste’mol quvvati soat 14:27 da kuzatilib, 1705 MVtni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi 27-iyul (+40,1 daraja) kunida kuzatilgan maksimal iste’molga nisbatan 97 MVt ko‘pdir.
Anomal harorat fonida havo va kabel elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati pasayishi sababli poytaxtning alohida elektr tarmoq xo‘jalik ob’ektlarida (soat 11:00 dan soat 17:00 gacha) o‘ta kuchli yuklanishlar qayd etildi.
Mazkur holat tizimli avariyalarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymasligi va poytaxt iste’molchilarining tartibsiz ommaviy uzilishlarini oldini olish maqsadida Toshkent shahar iste’molchilariga qisqa muddatli vaqtinchalik cheklovlar kiritishni taqozo etdi.
Sharhlar