O‘zbekistonda Xalqaro Olimpiya kuni munosabati bilan ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi
23-iyun kuni O‘zbekistonning 16 shahrida Xalqaro Olimpiya kuni (International Olympic Day), Bolalarni himoya qilish kuni va Yoshlar kunini nishonlashga bag‘ishlangan BYD Yangi Nafas an’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu kuni Toshkentda oliy harbiy o‘quv muassasalari bitiruvchilari ishtirokida Vatan Qalqoni harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.
Mazkur keng ko‘lamli sport tadbirining ishtirokchilari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi qatnashib, tadbir “O‘zbekneftgaz” AJ hamda O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi tashkiliy ko‘magida o‘tkazilmoqda.
BYD Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi milliy va xalqaro ahamiyatga ega muhim sanalarni – Bolalarni himoya qilish kuni, O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni va ushbu sport bayramining global ahamiyatini ta’kidlagan va Olimpiya harakati birdamligini timsollashtirgan holda dunyoning o‘nlab mamlakatlarida nishonlanadigan Olimpiya kunini o‘zida mujassamlashtirgan o‘ziga xos voqeaga aylanadi.
30-iyun kuni nishonlanadigan Yoshlar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimiz yosh avlodi uchun muhim voqea bo‘ldi. Iyun oyida bo‘lib o’tadigan Yoshlar oyligi doirasida ko‘plab festivallar, forumlar, ko‘rik-tanlovlar va musobaqalar o‘tkazilmoqda. Yangi nafas respublika ommaviy yugurish musobaqalari bu yil ham uch yil avval boshlangan an’anani davom ettirgan holda bayram dasturiga kiritilgan va yoshlar o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda.
Yangi Nafas loyihasi 2020-yildan boshlab nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlarni ham qamrab olgan keng ko‘lamli sport harakatiga aylandi. O‘tgan yillar davomida 750 mingdan ziyod kishi unda faol ishtirok etib, sog‘lom va faol turmush tarzini targ‘ib etish orqali ommaviy yugurish musobaqalarini sport bayramiga aylantirdi.
Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yengil atletika federatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqalarini tashkil etadi. Bo‘lajak Vatan qalqoni musobaqasida oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishtirok etadi. Ushbu tadbir jismoniy chidamlilikni rivojlantirish va kuch tuzilmalari vakillarini birlashtirishga qaratilgan.
Ushbu yili BYD Yangi nafas va Vatan qalqoni ommaviy yugurish musobaqalarida maktab o‘quvchilari, talabalar, sayyohlar, tadbirkorlik va davlat tuzilmalari vakillari, harbiy xizmatchilar, jamoat arboblaridan iborat 60 mingga yaqin kishi ishtirok etadi. An’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi masofasi 3 km bo‘lib, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Nurafshon, Navoiy, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Qarshi, Buxoro, Qorovulbozor, G‘uzor, Urganch va Nukus shaharlarining markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tadi. Toshkentda poyga starti “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida beriladi. Barcha ommaviy yugurish musobaqalari bir vaqtning o’zida ertalab soat 7 da boshlanadi.
Har bir shaharda ommaviy yugurish musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tayyorlangan malakali hakamlar, murabbiylar va ko‘ngillilar tadbirga jalb etiladi.
Yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev ta’kidlaganidek: “O‘zbekistonda ommaviy sport qayta jonlanishni boshidan kechirmoqda. Fuqarolar sport tadbirlarining faol ishtirokchisiga aylanib, ommaviy yugurish musobaqalari va marafonlarni targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘p yillik ishlar o‘z samarasini bermoqda. Iqtidorli sportchilar yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqda va Xalqaro Olimpiya kuniga bag‘ishlangan BYD Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi yozgi Olimpiya o‘yinlariga hozirlik ko‘rayotgan sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlashda muhim tashabbus bo‘ladi”.
2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari arafasida Xalqaro Olimpiya kunini nishonlash alohida ahamiyat kasb etadi.
“23-iyun kuni butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar 2024-yilgi o‘yinlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan Olimpiya chempionlari va sportchilarni qo‘llab-quvvatlashi va hurmatini namoyish etish uchun ko‘plab sport tadbirlariga qo‘shiladi. Ushbu jahon miqyosidagi tadbir barcha yoshdagi va millat vakillarini birlashtirib, ularni faol hayot tarziga, do‘stlik, hurmat va yuksaklikka intilish kabi olimpiya qadriyatlari bayrog‘i ostida sport musobaqalarida qatnashishga ilhomlantiradi”.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Olimpiya Xartiyasi tamoyillariga amal qilgan holda, ommaviy sport bilan bir qatorda yuqori yutuqlar sportini ham rivojlantirishni rag‘batlantirib, uning jamiyat va har bir inson uchun muhimligini ta’kidlab, ushbu qadriyatlarni targ‘ib etishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xalqaro Olimpiya kuniga tayyorgarlik koʻrish doirasida Qoʻmita olimpiya sport turlariga kiruvchi turli yoʻnalishlar boʻyicha keng qamrovli tadbirlar dasturini ishlab chiqmoqda, bu esa ishtirokchilarga oʻzini jahon sport hamjamiyatining bir qismi sifatida his qilish imkonini beradi.
Sharhlar