O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Malika Qayumova 70 yoshda olamdan o‘tdi
Malika Qayumova teatr san’atida o‘ziga xos o‘chmas iz qoldirgan noyob iste’dod egasi edi.
U 1954 yilning 1 fevral sanasida Toshkent viloyatida tavallud topgan edi. 2011 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Ma’lumoti oliy. 1976 yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini bitirgan.
Institutni bitirgach, o‘zbek drama teatrida o‘z faoliyatini boshlagan. 1993 yildan boshlab Muqimiy nomidagi musiqali teatrda faoliyat ko‘rsatib keladi. Bu teatrda Malika Qayumova yosh bo‘lishiga qaramasdan, onalar rolini ijro etib, teatr jamoasini ishonchini qozondi. Malika Qayumova o‘z ijodiy faoliyati davomida teatrda sahnalashtirilgan 30 dan ortiq spektakllarda bosh qahramon rollari va xarakterli obrazlarni yuksak mahorat bilan ijro etib, repertuarni boyitib kelmoqda.
Jumladan, “Taqdir”da amma, “Devona”da Ona, “Fotima va Zuhra”da Ona, “Alpomish”da Kuntug‘mish, “Pari qishloq”da Ona, “O‘lding, aziz bo‘lding”da Ona “Xonuma”da Tekle, “Toshkentning nozanin malikasi” da Xayri, “Superqaynona-2” da Hojar, “Oyonam-qaynonam” da Qumri, “Qizi borning-nozi bor”da quda kabi obrazlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan. Ayniqsa, uning “Oy onam qaynonam” spektaklida yaratgan Qumri obrazi o‘zining ichki kechinmalarga boyligi, o‘zbek ayoli timsolida uning mehribonlik xislatlarini namoyish qilganligi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi.
Malika Qayumova teleekran orqali ham bir qator videofilm va teleturkumlarda samarali ijod qilib kelayotgandi.
Sharhlar