O’zbekistonlik shifokorlar Rossiya universitetida klinik ordinaturasida bepul tahsil oladi

Foto: SSV

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari kelishuviga asosan, 2024/2025-o‘quv yili uchun N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining 52 ta ordinatura mutaxassisligiga o’zbekistonlik fuqarolarini o‘qishga qabul jarayoni tashkil etiladi.

Klinik ordinatura tanlovida yuqori ball olib o‘qishga qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 35 nafar fuqarosi uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi fondi hisobidan klinik ordinatorning borish-kelish aviachiptasi (bir martalik), kunlik safar xarajatlari hamda o‘qish to‘lov-kontrakt summasi qoplanishi belgilandi.

N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti ordinatura mutaxassisliklariga dastlabki tanlov (suhbat)da qatnashish istagini bildirgan “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari hujjatlarini topshiradi.

Shu maqsadda 2024 yilning 16-18 avgust kunlari har bir tibbiyot oliy ta’lim muassasasida dastlabki tanlovdan o‘tkazish bo‘yicha Ishchi guruh shakllantirilib, talabgorlar rus tilida dastlabki tanlovdan o‘tkaziladi.

2024 yil 20 avgust kuniga qadar Ishchi guruh tomonidan tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan abituriyentlar hujjatlarini N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti ordinatura mutaxassisliklariga qabul bo‘yicha e’lon qilingan veb-saytda topshirish va ro‘yxatdan o‘tish jarayoni olib boriladi.

2024 yil 22-24 avgust kunlari abituriyentlarning N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti ordinatura mutaxassisliklariga qabul bo‘yicha onlayn formatdagi test sinovlarida ishtirok etishlari markazlashgan holda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hududida tashkil etiladi.

N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining mutaxassisliklari bo‘yicha 2 yil tahsil olib kelgan shifokorlarga o‘qishdan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, 5 yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.