O‘zbekistonlik yoshlar — futbol bo‘yicha Mehribonlik uylari o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishadi
6 avgust oqshomida 22-sonli A.Xlebushkina nomidagi Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilaridan tarkib topgan futbol jamoasi joriy yil 7-12-avgust kunlari Polsha poytaxti Varshavada futbol bo‘yicha IX-Jahon yuniorlar chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketishdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘magi ostida tayyorgarlik olib borgan yoshlar Hope for Mundial Assotsiatsiyasining taklifiga binoan 22-Mehribonlik uyining 10 nafar tarbiyalanuvchisidan tashkil topgan futbol jamoasi IX-Jahon yuniorlar kubogida O‘zbekiston Respublikasi sharafini himoya qiladilar.
Ma’lumot o‘rnida, 22-Mehribonlik uyi futbol jamoasi 2022-yil 11-17-may kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Mehribonlik uylari o‘rtasidagi xalqaro musobaqada qatnashib, faxrli I-o‘rinni egallagan. 2023-yil 10-15-avgust kunlari Polsha davlatining Varshava shahrida Mehribonlik uylari o‘rtasidagi VIII-Jahon chempionatida 28 ta davlatlar o‘rtasida faxrli II-o‘rinni egallagan.
Futbolchilarning yoshi, xarakteri va iqtidorlari turli xil, o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlari ham turlicha, lekin ular futbolda bir jamoa bo‘lib, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab g‘alabani qo‘lga kiritish uchun harakat qilmoqdalar.
Yosh futbolchilar chempionatga malakali trener boshchiligida har kuni mashg‘ulotlar olib borgan holda tayyorgarlik ko‘rishgan hamda mahalliy jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tqazishgan.
Joriy yilning 19-iyul kuni Paxtakor sport klubining yoshlar jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinini muvaffaqiyatli o‘tkazib, yuqori darajadagi mahoratli o‘yin ko‘rsatgan jamoa bugun Jahon chempionati o‘tadigan davlatga yetib bordi.
Kecha oqshomda bo‘lajak jahon chempionlari Mehribonlik uyidan to Toshkent xalqaro aeroportigacha mutasaddilar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Milliy Gvardiya mas’ullari va OAV vakillari ishtirokida kuzatib yuborildi.
Sharhlar