O‘zbekistonning Turkiya bilan tovarlar tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga ortdi
7-8-avgust kunlari Istanbulda O‘zbekiston-Turkiya bojxona xizmatlari Qo‘shma bojxona kengashining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov va Turkiya bojxona xizmati rahbari Sezay Ucharmak ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va do‘stona munosabatlari mamlakatlarning iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarayotganini ta’kidladilar.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Turkiya bilan tovarlar tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga, shundan tovarlar eksporti 1,5 barobarga ortdi.
Mazkur ko‘rsatkichlarni yanada oshirish esa ikkala davlat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro tajriba almashish va axborot almashinuvini kengaytirishni taqozo etadi.
Shu maqsadda Qo‘shma bojxona kengashinining navbatdagi yig‘ilishida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi va Turkiya Respublikasi savdo vazirligining bojxona Bosh boshqarmasining 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma rejasini, Kontrabanda va bojxona qonunchiligining buzilishiga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnomani imzolashdi.
O‘zbekistondan Turkiyaga eksport qilinayotgan tovarlarga nisbatan tarif va notarif choralarni yumshatish, “Yashil energiya” yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston bojxona xizmati vakillari yig‘ilish doirasida Turkiyaning “Galataport” dengiz portida bojxona tartib-taomillarining qay tarzda yo‘lga qo‘yilganini, bunda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish darajasini ko‘zdan kechirishdi.
Kun tartibida Istanbul aeroporti va boshqa bojxona obyektlariga tashriflar ham nazarda tutilgan.
Sharhlar