“O‘zenergoinspeksiya” podstansiyalarda avariyaviy o‘chishga sabab bo‘luvchi omillarni o‘rgandi
Avariyalarni oldini olishga sabab bo‘luvchi omillar o‘rganilganda 112 ta podstansiyadagi elektr qurilmalarning 356 tasida meyoridan ortiq qizish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan energetika obyektlarida elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan doimiy nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, hududlardagi podstansiyalar va transformator punktlaridagi kontaktlar va boltli birikmalarida paydo bo‘layotgan qizishlarni aniqlash bo‘yicha teplovizor ko‘riklari amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra 112 ta podstansiyalardagi elektr qurilmalarning 356 tasida meyoridan ortiq qizish holatlari aniqlandi.
Energetika obyektlaridagi mas’ul shaxslar tomonidan kontakt birikmalardagi qizishlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rilmayotganligi oqibatida avariyaviy o‘chishlarga, uskunalarni shikastlanishiga va o‘z navbatida elektr ta’minoti buzilgan iste’molchilarni o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘luvchi holatlar yuzaga kelmoqda.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha ma’lumotnomalar rasmiylashtirilib, Inspeksiya tomonidan tizim korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar berildi va uning bajarilishi nazoratga olindi.
Sharhlar