Ozodbek Nazarbekov ishtirokidagi reklamani tarqatgan do‘kon jarimaga tortildi

Foto: Skrinshot

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Madaniyat vaziri O.Nazarbekov ishtirokida “KINGSMAN UZBEKISTAN” kiyimlar do‘koni haqidagi reklama bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotganligini haqida xabar berilgan edi.

Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha “KINGSMAN UZBEKISTAN” brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Boutique” MCHJ “Reklama to‘g‘risidagi” Qonunning 16-moddasini, ya’ni reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish bo‘yicha taqiq talablarini buzgan deb topdi.

Natijada, ushbu korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi va qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish jarayonida Madaniyat vaziri O.Nazarbekovning reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatida ishtirok etganligining alomatlari aniqlanmadi.

O.Nazarbekov tomonidan reklamani o‘z shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmaganligi “Reklama to‘g‘risidagi” Qonuniga asosan reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmaydi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.