Xorijda ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolar jazoni O‘zbekistonda davom ettirishi mumkin bo‘ladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda O’zA xabar bermoqda.
Loyihaga ko‘ra, xorijiy davlatlarda jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilgan va jazoni o‘tayotgan fuqarolarimiz qolgan jazo muddatini O’zbekistonda davom ettirishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, xorijiy davlat hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy kasallikka duchor bo‘lgan shaxsga xorijiy davlat sudining unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburiy choralarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarori bo‘lsa, majburiy davolashni O’zbekistonda amalga oshirish uchun qabul qilish mumkinligi belgilanmoqda.
– Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksida xorijiy hamkorlikning bir qator tartiblari belgilanmoqda, – dedi deputat Sherzod To‘xtashev. – Xususan, xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish haqida Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari tomonidan Oliy sudga iltimosnoma kiritilishi, iltimosnoma ozodlikdan mahrum etilgan yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsning doimiy yashash joyi bo‘yicha, doimiy yashash joyi bo‘lmaganda esa O’zbekiston hududida oxirgi ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi, mahkum va tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan shaxsni berish va qabul qilishga ularning qonuniy vakili yoki yaqin qarindoshining arizasiga, shuningdek, Bosh prokuratura yoki xorijiy davlat vakolatli organining iltimosnomasiga binoan berilayotgan shaxs yoxud uning qonuniy vakilining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi, mahkum va tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan shaxsni berish Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining qarori, ularni qabul qilish esa sudning ajrimiga asosan amalga oshirilishi o‘z aksini topmoqda.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Sharhlar