Bugungi Paralimpiya o‘yinlarda o‘zbekistonlik sportchilar oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida navbatdagi medallariga sazovor boʻldi. Para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F41 klassida yadro uloqtirish dasturida Bobur Omonov 14.32 metr natija qayd etib, ham rekord o’rnatdi, ham oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, Bobur Omonov bundan avval Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.
Shuningdek, para yengil atletika boʻyicha T12 klassidagi uzunlikka sakrash bahsida Doniyor Saliyev kumush medalni qoʻlga kiritdi. Doniyor Saliyev murosasiz bahslarda 7.16 metr natija qayd etishga erishdi.
Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F54 klassida yadro uloqtirish bahslarida esa Nurxon Qurbonova 7.75 metr natija qayd etib, bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Nurxon Qurbonova bundan avval Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush va bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Hozirgi paytda delegatsiyamiz hisobida 14 ta medal bor:
- 6 ta oltin;
- 4 ta kumush;
- 4 ta bronza.
Sharhlar