Paralimpiyadachilar MDH davlatlari o’rtasida 1-o‘rin, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni egalladi

Foto: prezident.uz

O‘zbekiston jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagani ta’kidlandi.

Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon bo‘lmagani qayd etildi.

“Bu – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz samarasidir. Bu – yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir. O‘z Vatanini jonu dili bilan sevadigan, metin irodali, yuragida o‘ti bor insonlargina shunday ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi. Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi. Katta rahmat sizlarga!”, – dedi davlatimiz rahbari.

Tokio Paralimpiya o‘yinlaridan so‘ng keyingi safar albatta kuchli “o‘n beshtalikka” kiramiz, deb ezgu niyat qilingan edi.

O‘tgan yillar davomida shu maqsad yo‘lida tinimsiz mehnat qilindi. Sportchilarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilib, yuksak marralar uchun puxta zamin tayyorlandi.

Natijada O‘zbekiston bu yilgi Paralimpiya o‘yinlarida birinchi marta eng ko‘p tarkib bilan, ya’ni 9 ta sport turi bo‘yicha 65 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.

Ayniqsa, para velosport bo‘yicha vakillarimiz ushbu musobaqalarda ilk bor qatnashganini alohida e’tirof etish lozim.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.