Parkent tumanida ming yillik tarixga ega qabr topildi
2024-yilning iyun oyida Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan “Kumushkon” mahallasining shimolidagi fermer xo‘jaligiga olib boruvchi yo‘lning qurilishi jarayonida tasodifan qadimgi davrga oid qabr qoldiqlari aniqlangan edi. Birlamchi o‘rganishlar natijasida ushbu hududdan suyak bo‘laklari hamda kuchli zanglagan temir qilich topildi.
Qazishmalar davomida yo‘l ustida yer surish ishlari olib borilayotgan vaqtida hosil bo‘lgan o‘ra aslida yerosti dafn xonasi (katakomba) ekanligi aniqlandi. Mutaxassislar tomonidan bu yerdan dafn buyumlari, temir qilich, bronza uzuk, sopol idish hamda bulla (muhr) topildi.
Qurilishning umumiy turi va dafn marosimining ko‘pligidan kelib chiqqan holda mutaxassislarning taxminlaricha ushbu qabr eramizning I ming yilligiga to‘g‘ri kelmoqda. Arxeolog olimlar tomonidan aytilishicha, bunday qabrlar o‘sha davrdagi ko‘chmanchi chorvador aholiga taalluqli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Noyob topilmalarni o‘rganish maqsadida eksponatlar Y.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti laboratoriyasiga olib kelingan.
Hozirgi vaqtda Madaniy meros agentligining moliyaviy ko‘magida hududda Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan arxeologik qazishma ishlari olib borilmoqda.
Sharhlar