O‘zbekistonda parlament saylovlari 27-oktabrga belgilandi
Bugun O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga doir masala ko‘rib chiqildi, deb yozadi O’zA.
Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga va O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2024-yil 27-oktabr, yakshanba kuni o‘tkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, bugundan, ya’ni 2024-yil 26-iyuldan O’zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berilib, Kalendar reja tasdiqlandi.
2024-yil 27-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Sharhlar