Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi Xiva shahrida o‘z ishini boshladi
12-sentabr kuni Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati.
Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari, shu jumladan, yoshlar parlamenti va guruhlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘qib eshittirdi.
Narbayeva o‘z nutqida mintaqaning hamma davlatlari o‘zining kelgusi taraqqiyotini bevosita Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va farovonligiga uzviy bog‘liq holda ko‘rishini, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun parlamentlararo hamkorlik muhimligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bu boradagi aloqalarni yanada faollashtirish va kengaytirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.
Shundan so‘ng har bir davlat delegatsiyasi rahbari o‘z kirish so‘zida forum ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar, maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, forum Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari, davlat hokimiyati vakillik organlari, yoshlar parlamentlari hamda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish maqsadini ko‘zlaydi.
Forum doirasida to‘rtta panel sessiya o‘tkazilmoqda hamda ishtirokchilar quyidagi asosiy masalalarni muhokama qilmoqda:
- Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikning yangi shakllari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
- Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari va mahalliy vakillik organlarining faol ishtirokini kengaytirishga qaratilgan takliflar tayyorlash;
- Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar parlamentlari va guruhlarining mintaqa parlamentlari rahbarlariga murojaatlarini yuborish;
- hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda xotin-qizlar va yoshlarning rolini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlarining parlamentlararo tashabbuslar doirasidagi kelgusidagi harakatlari va hamkorligi uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan Xiva deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Sharhlar