O‘zbekistonda paxta yetishtiruvchilar narxni tushirishga majburlanmoqda
Paxta-to‘qimachilik klasterlari fermerlarga yetishtirilgan paxta uchun yil boshida tuzilgan shartnomalardagi narxda to‘lov qilishni istamayapti. Bunga jahon bozorida paxta xomashyosi arzonlashgani vaj qilib ko‘rsatilmoqda. Joylarda fermerlar klaster bilan tuzgan shartnomalarni o‘zgartirish bo‘yicha “ixtiyoriy-majburiy” tarzda qo‘shimcha shartnomalar tuzishga majburlanmoqda, deb yozadi Kun.uz.
Nashrga kelib tushgan audioyozuvda Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G’afforov tumanlardan birining hokimiga shu mazmunda topshiriq berganini eshitish mumkin. Amaldor Toshkentdan “blanka” tashlab berilganini aytib, fermerlar unga imzo qo‘yib berishi zarurligini ta’kidlagan.
“Hokim buva, hozir Toshkentdan, birja tomonidan blanka tashlab berildi. Ertaga 100 foiz fermer xo‘jaliklari yig‘ilishda qatnashishi shart. Hamma fermer yig‘ilganida, shu blankaga pechat bostirib, bir tarafiga imzo qo‘ydirib berishi kerak. Vazirlar Mahkamasining yangi chiqqan 574-sonli qarori ijrosi mana shu bilan bo‘lib ketadi. Qaytadan 6800 so‘mdan bo‘ladi, ustiga davlat subsidiya beradi, 1000 so‘m qo‘shilganidan keyin 7800 so‘m bo‘ladi. Oldingi tuzilgan, 8000-9000 so‘mdan sotilgan hammasi 100 foiz bekor bo‘ladi”, – degan QXB boshlig‘i.
Kun.uz muxbiri Telegram’da bu ovozli xabarni yo‘llagan “Gapparov Raxmatulla” nomli akkauntga biriktirilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni Rahmatulla G’afforov ko‘tardi va o‘zini tanishtirgan muxbirga “G’aniyevning videoyig‘ilishida o‘tirgani”ni, “undan chiqib bog‘lanishi”ni aytdi. U katta ehtimol bilan davlat rahbarining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G’aniyevni nazarda tutgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalariga bunday buyruq, ko‘rsatma yoki topshiriq berilmagan. Surxondaryo viloyati hokimligi esa vaziyat va audioyozuvni o‘rganayotganini ma’lum qildi, shuningdek, bunday ko‘rsatma yo‘qligiga ishontirdi.
Sharhlar