Pensiya yoshini qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda
O‘zbekiston “Allianz Pension Ranking 2023” pensiya reytingidagi 75 ta mamlakatlar qatorida 71-o‘rinni egallagan (Qozig‘iston 34-o‘rinda, Rossiya – 37, Turkiya – 59-o‘rinda). Mazkur reyting uchta sub-indekslarga asoslangan, bular: bazaviy sharoitlar, barqarorlik va pensiya tizimining monandligi. Ular 1 dan 7 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi (bunda 1 – eng yuqori baho). O‘zbekistonning umumiy bahosi 4,5 ni tashkil etgan. (bazaviy sharoitlar bo‘yicha 4,4; barqarorlik bo‘yicha 3,6 va monandlik bo‘yicha 5,3).
O‘zbekistonda pensiya badallari darajasi (12-25%) boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqori hisoblanadi. Biroq to‘lovlarning yalpi koeffitsiyenti (55%) o‘rtacha. Ushbu ko‘rsatkich ishchining o‘rtacha ish haqiga nisbatan olingan o‘rtacha pensiyani ko‘rsatadi. Bu nomuvofiqlik fuqaro pensiya badallaridan ko‘p mablag‘ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanligini anglatadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda norasmiy bandlik yuqori bo‘lgani sababli pensiya ta’minoti tizimining qamrovi past bo‘lib – 38%ni tashkil etadi. Pensiya mexanizmlari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan rasmiy moliyaviy xizmatlar ommabopligi ham past.
Shulardan kelib chiqqan holda Strategik islohotlar agentligi pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqishni tavsiya etmoqda.
Bunda, pensiya tizimini keng ko‘lamli isloh qilish, shu jumladan:
- pensiya tayinlash shartlarini qayta ko‘rib chiqish;
- pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta ko‘rib chiqish;
- ish staji yoki pensiya olish uchun badallarni qayta ko‘rib chiqish;
- pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash;
- aholi qamrovini oshirish kabi jihatlar inobatga olinishi maqsadga muvofiq, deb hisoblanmoqda.
Sharhlar