Pestitsidlar nazorat qilinmas ekan, yetishtirayotgan mahsulotlarimiz bozorini topolmaydi
Prezident yon qo‘shnilarimizning yillik importi 90 milliard dollar bo‘lgani bilan bizning undagi ulushimiz atigi 4 foiz ekani, yoki MDH doirasida erkin savdo rejimi o‘rnatilgani bilan, Hamdo‘stlikdagi 500 milliard dollarlik importda bizning hissamiz 2 foizga ham bormasligini misol qilib keltirdi.
Demak, raqobat borasida hali ancha ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada katta islohot boshlanib, ikki oy oldin alohida farmon bilan metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiya tarmog‘ida eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.
Korporativ xaridlarda ishlab chiqarish uchun olinadigan mahsulotlarga ham narx ustuvorligi bekor qilinishi qayd etildi.
Bundan buyon, hech kimda alohida huquq bo‘lmasligi, xoh davlat strategik korxonasi bo‘lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo‘lsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlashi ta’kidlandi.
Prezident Jahon savdo tashkilotiga a’zolik xalqaro tranzit yuk tashishda ortiqcha to‘lov yoki cheklovlardan xalos qilishini qayd etdi.
Umuman, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, tashqi bozorlarda munosib o‘rin topish uchun xalqaro standartlarga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.
Masalan, pestitsidlar nazorati yo‘lga qo‘yilmas ekan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 2030-yilgacha 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilagan marralarga erishib bo‘lmaydi. Yetishtirayotgan mahsulotlarimiz bozorini topolmasdan nobud bo‘laveradi.
Shu bois, bu yil oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha katta o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Bu orqali karantin, veterinariya, sanepidemnazorat va standart tashkilotlarining takrorlovchi vakolatlari qisqaradi, tadbirkorlarni qayta-qayta tekshirishga chek qo‘yiladi.
O‘tgan yilgi uchrashuvdan keyin 309 ta korxonaga 280 million dollar eksportoldi kreditlari ajratildi. Ushbu korxonalar hozirgacha 625 million dollarlik eksport qildi. Bu raqam yil yakunigacha yana ikki karra oshishi hisob-kitob qilingan.
Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida yana 122 ta eksportchining 145 million dollarlik aylanma mablag‘ga ehtiyoji borligi aniqlandi.
Shu bois, tarmoqlarni rivojlantirishga berilgan mablag‘dan 200 million dollari eksportoldi moliyalash uchun yo‘naltiriladi. Shundan, 50 million dollari bank kreditlari uchun kafillikka beriladi. Bu mablag‘lar hisobidan bir yil ichida qo‘shimcha 1 milliard dollar eksport bo‘ladi.
Sharhlar