Buxoroda fuqaroning uyidan Makarov, TT to‘pponchalari va ularning o‘q-dorilari topildi (video)
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida poytaxt hududida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, Buxoro shahrida tug‘ilgan bir nechta shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ularning doimiy yashash manzillarida jangovar qurol va o‘q-dorilar borligi aniqlandi.
Jumladan, 1973 y.t. shaxsning Buxoro shahridagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, uyning tom qismiga yashirib qo‘yilgan 3 dona Makarov pistoleti va 21 dona patroni, 1 dona TT pistoleti va 5 dona patroni hamda 1 dona tovushni pasaytiruvchi qurilma (glushitel) protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs jinoiy sheriklari bilan birgalikda, ushbu qurollarni va o‘q-dorilarni muqaddam Rossiya Federatsiyasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelishgan.
Sudga oid ballistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qurollar va o‘q-dorilar jangovar holatda bo‘lib, foydalanishga yaroqli hisoblanadi.
Bundan tashqari, ulardan birining xonadonidan qirqma holatiga keltirilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 2 dona ov miltig‘i hamda 6 dona o‘q-dori tegishli tartibda olindi.
Hozirda Jinoyat Kodeksining 246 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar