Pokiston multimodal yo’lagini tashkil etish to’g’risidagi Memorandumga qo‘shildi
18-sentabr kuni transport va logistika sohasidagi xalqaro hamkorlik doirasida Pokiston tomoni rasmiy ravishda “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston – Hind okeani portlari” xalqaro transport yo’lagini tashkil etish va rivojlantirish to’g’risida O‘zaro Anglashuv Memorandumiga qo‘shildi.
Xalqaro transport yo’lagini tashkil etish va rivojlantirish jarayoni 2022-yil avgustda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma Ishchi Guruhning uchinchi yig‘ilishida boshlangan. Ushbu yig‘ilishda yo‘lakni rivojlantirish masalalari faol muhokama qilinib, Rossiya va Belarus tomonlaridan mazkur loyihani amalga oshirishga alohida qiziqish bildirilgan.
Ma’lumot uchun, 2023-yilning noyabr oyida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston transport vazirlari o‘rtasida imzolangan O‘zaro Anglashuv Memorandumi, loyiha bo‘yicha amalga oshirilishi kutilgan ishlarning faollashishiga olib keldi. Multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi 2024-yilning aprel oyida Termiz shahrida bo‘lib o‘tdi, unda Belarus Transport vazirligi Memorandumga qo‘shilib, Afg‘oniston va Pokiston tomonidan esa loyihaga qo‘shilish uchun davlat ichki tartib-taomillari yakunlanishi lozimligi ma’lum qilindi. Ushbu yig‘ilishda yuk tashishlarni rivojlantirish, yuk oqimlarini tahlil qilish, elektron raqamli hujjatlarni joriy etish va bojxona jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha aniq rejalarni o‘z ichiga olgan Yo‘l xaritasi qabul qilindi.
Pokistonning ushbu keng ko‘lamli loyihaga qo‘shilishi mintaqaviy savdo aloqalarini mustahkamlash va XTY orqali xalqaro yuk tashishlarni tezlashtirishda muhim qadam ekanligini bildiradi. Tomonlar XTY Yevrosiyodagi transport tizimida muhim bo‘g‘in bo‘lishiga, mahsulotlarni tranzit tashish uchun qulay va samarali yo‘llarni ta’minlashiga, va ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishiga umid bildirdilar.
Sharhlar