Samarqandda ichki ishlar organlarining 20 nafar xodimi pora olmagani uchun mukofotlandi

Foto: Norma.uz

Samarqand viloyati ichki ishlar organlarining 20 nafar xodimiga 67 million 500 ming so‘m miqdorida mukofot puli berildi, deb xabar qiladi O‘zA.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi hamda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining yaqinda o‘tkazilgan qo‘shma majlisida qayd etilishicha, joriy yilning sakkiz oyi davomida Samarqand viloyatidagi ichki ishlar organlari xodimlarning bildirgilariga asosan ichki ishlar organi xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan 25 nafar fuqaro daliliy ashyolar bilan ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Ushbu jinoyatlarni fosh etishda tashabbuskor bo‘lgan 20 nafar xodimga 67 million 500 ming so‘m miqdorida mukofot puli berilgan.

Misol uchun, shu yilning 23-avgust kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.M. o‘z xonadonida giyohvand moddalarni saqlab kelayotgani aniqlangan. Mazkur holatni rasmiylashtirmaslik va o‘g‘lini jinoiy javobgarlikka tortmaslik uchun fuqaro G’.M. ichki ishlar organi xodimiga 2 ming AQSh dollari pora berayotganda jinoyat xodim tashabbusi bilan fosh etildi.

O‘z navbatida o‘tgan davrda ichki ishlar organlari xodimlaridan bir nafari korrupsion holat sodir etgani uchun tizimdan ishdan bo‘shatilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.