Poraxo’r inspektorlar qo’lga tushdi

Фото: кадр из видео

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida soliq inspeksiyasining sayyor soliq tekshiruvlari sho‘basi bosh inspektori mahalliy 5 ta MCHJ faoliyati yuzasidan joriy yilning sentyabr oyiga qadar kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazmaslik evaziga 2300 AQSH dollari olgan vaqtida dalillar bilan ushlandi.

Xabarga ko’ra, “u ushbu pul mablag‘ini viloyat soliq boshqarmasining kameral soliq tekshiruvlari sho‘basi bosh inspektoriga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan va mazkur mansabdor shaxs ham 2300 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan”.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tuman soliq inspeksiyasi katta inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tuman markazidagi “Ho‘jai jahon” savdo kompleksi hududida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorni joriy yilning oxiriga qadar aylanma soliq to‘lovchisi toifasidan, har oyda 2 mln. 424 ming so‘m to‘laydigan qat’iy turdagi soliq to‘lovchisi toifasiga o‘tkazmaslik, kelgusida soliq idoralari tomonidan bo‘ladigan tekshiruvlardan himoya etish evaziga 8 mln. so‘m olgan vaqtida qo’lga tushgan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida 6 oy mobaynida soliq tekshiruvlari o‘tkazmaslik, aksincha, uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 600 AQSH dollari olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspeksiyasining bosh inspektori ushlandi.

“Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga tuman soliq inspeksiyasining sho‘ba boshlig‘ining aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi”, – deyiladi xabarda.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi MCHJ faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan soliq auditi tekshiruvi natijasida aniqlangan 267 mln. 300 ming so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i va 664 mln. 700 ming so‘m sof foyda solig‘ini mansabdor tanishlari orqali kamaytirib berish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspeksiyasining kameral nazorat sho‘basining sobiq boshlig‘i ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.