Poytaxt aeroportida “Pax Track” tizimi ishga tushirildi
Toshkent aeroportida yo‘lovchilarni kompleks monitoring qilish tizimi bo‘lgan “Pax Track” tizimi test rejimida o‘rnatilib, ishga tushirildi. Ushbu tizim qanday ishlashi va yaqin kelajakda poytaxt aeroportini yana qanday texnologik o‘zgarishlar kutayotgani press-tur doirasida jurnalistlarga namoyish etildi.
Ro‘yxatdan o‘tish joyidan so‘ng o‘rnatilgan turniketlarda yo‘lovchi bortga chiqish talonini, xodim esa o‘z ruxsatnomasini skanerlashi kerak. Chegara nazorati va aviatsiya xavfsizligiga tekshirish xizmatlari ham ushbu tizim bilan integratsiyalashadi. Shunday qilib, kechikayotgan yo‘lovchini bortga chaqirishda aeroport xodimlari tizimdan uning qaysi sektorda ekanligini va ro‘yxatdan o‘tgandan keyin “steril” zonaga kirgan-kirmaganligini bilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda uchib ketish zalida 40 ta ro‘yxatga olish peshtaxtasi (umumiy zalda 37 ta, CIP zalida 2 ta va VIP zalda 1 ta) mavjud. Rekonstruksiya ishlari tugallangach, ro‘yxatga olish peshtaxtalari soni 90 tani tashkil etadi, shu jumladan 12 ta gibrid Self Chek-in i Baggage Drop Off nuqtalari, ularda yo‘lovchilar reyslarga mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishlari va bagajni topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Uchib ketish hududidagi chegara nazorati punktlari soni ham 34 tadan 54 taga, shu jumladan E-gate, yetkaziladi. Tekshiruv hududi 15 ta yo‘lakgacha kengaytiriladi. Shuningdek, uchib kelish zalida 48 yo‘lovchi o‘tish kanaliga ega yangi pasport nazorati zonasi tashkil etiladi, bagaj olish kamarlari soni to‘rttadan sakkiztaga ko‘payadi.
Shuningdek, uchib ketish va kelish zallarini birlashtirish orqali kutib oluvchilar uchun 4000 kv.m.ga yaqin maydon ajratish mumkin bo‘ladi.
Rekonstruksiya doirasida BHS va BRS yuklarni tashish va nazorat qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan. Ketish va kelish uchun yangi uskunalar va dasturiy ta’minot o‘rnatiladi. Tizim bagajni parvozlar bo‘yicha avtomatik tarzda saralash, bagajni tashishga qabul qilingan paytdan to bortga ortilgan paytgacha kuzatib borish, eng muhimi, bu vaziyatda inson omilini minimallashtirish imkonini beradi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida bagaj yorlig‘i raqami orqali yukni kuzatish imkonini beruvchi mobil ilova ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.
Joriy yilning sentyabr oyida boshlanadigan rekonstruksiyaning yakuniy bosqichida uchib kelish va uchib ketish zallari bitta terminal majmuasiga birlashtirilib, uning maydoni 105 000 kv.m ni tashkil qiladi. Bu aeroport terminalining o‘tkazish qobiliyatini soatiga 1200 yo‘lovchidan 2400 tagacha oshirishi kutilmoqda.
Sharhlar