Poytaxtda fuqaroning uyi va mashinasidan marixuana topildi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining navbatdagi noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda poytaxt Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Shayhontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida oldindan tezkor kuzatuvga olingan 2 nafar shaxslar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, ulardan biriga tegishli “Spark” avtomashinasining old o‘rindig‘idagi paketda Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra 215.56 gr. marixuana giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu shaxsning mazkur tumanda istiqomat qilayotgan xonadoni ko‘zdan kechirilganida, bu yerda ham ekspertiza xulosasiga ko‘ra 76,2 gr. og‘irlikdagi marixuana giyohvandlik vositasi saqlanayotganligi fosh bo‘ldi.
Shunday qilib, tezkor tadbirda jami 291,76 gr. marixuana giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt bojxonachilari joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida ainqlangan 19 ta holatda 5,1 kg.dan ziyod og‘irlikdagi giyohvandlik vositalari hamda 3 ta holatda 1645 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yishgan.
Sharhlar