Poytaxtda korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan global media-forum bo‘lib o‘tdi
10-sentabr kuni O‘zbekiston poytaxtida birinchi marta korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan Toshkent Global Media Forumi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) moliyaviy ko‘magida “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: inklyuziv profilaktika” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati), Latviya Markaziy moliya va kontrakt agentligi (CFCA), Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” nodavlat tashkiloti va BMTTD bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashdagi yutuqlari uchun” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida taklif etilgan tashabbusi asosida tashkil etildi.
Tadbir doirasida Germaniya elchixonasining hamkorlik bo‘limi ochildi.
Forumda Latviya, Singapur, Filippin, Avstriya va Markaziy Osiyo davlatlaridan mahalliy va yetakchi ommaviy axborot vositalarining jurnalist va muharrirlari, shuningdek, bloggerlar va boshqalar ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek, YeXHT, BMTTD, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti vakillari, GIZ ekspertlari, diplomatik korpus (Germaniya elchixonasi, AQSH elchixonasi), xalqaro tashkilotlar, vazirliklar, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.
Forumning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, bu borada global/mahalliy muammolar va yechimlarni muhokama qilish, jamiyatda shaffoflik va hisobdorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish, so‘z erkinligi va jurnalistlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida munozaralar va o‘zaro tajriba almashish uchun platforma yaratish, shuningdek, kelgusidagi rejalar, yangi istiqbollarni belgilab olishdan iborat.
“Davlat faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzusidagi sessiyada taniqli xorijiy va mahalliy ekspertlar, jumladan Transparency International DELNA/Latviya hamda Singapur o‘zaro hamkorlik va ochiq hukumatni qo‘llab-quvvatlash markazi vakillari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Aholining korrupsiyaga qarshi islohotlardan xabardorligini oshirish, huquqiy savodxonlik va fuqarolik madaniyatini yuksaltirish, jamoatchilik nazoratini qo‘llab-quvvatlash kabi turli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
“Axborot etikasi: zamonaviy ommaviy axborot vositalarining muammolari va yechimlari” mavzusidagi sessiyada ommaviy axborot vositalarida korrupsiya holatlarini aniqlash bo‘yicha muvaffaqiyatli strategiyalar, korrupsiyaga qarshi jurnalistikaning axloqi va me’yorlari, huquq va majburiyatlari haqida soha vakillarining xabardorligini oshirish yuzasidan fikr va tajriba almashildi. Ushbu sessiyada, shuningdek, BMTTD, Boltiqbo’yi Media Excellence Center (BCME) ekspertlari ishtirokida mavzuli taqdimotlar va muhokamalar bo’lib o’tdi.
“Analitik jurnalistika istiqbollari va tadqiqot jurnalistikasining o‘rni” sessiyasida Filippin jurnalistika tadqiqot markazi va Delfi.lv internet-media vakillarining taqdimotlari tinglandi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, jurnalistlar himoyasini kuchaytirish, huquqiy va axborot muhitini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda bu boradagi xalqaro hamkorlikning xususiyatlari va istiqbollari, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni ham muhokama qilindi.
Muloqot yakunida jurnalistlarning korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini yoritish, malakasini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar, tavsiyalar va strategiyalar ishlab chiqilib, bu boradagi jurnalistik surishtiruvni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Korrupsiyaga qarshi global kurashda asosiy vosita sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar forum ishtirokchilari o‘rtasida axborot va tajriba almashish uchun doimiy platforma yaratishga kelishib oldilar.
Sharhlar