Prezident 2028-yiligi olimpiya o’yinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligini ta’kidladi

Foto: prezident.uz

Prezident Parijdagi natijalarni chuqur tahlil qilib, ulardan zarur xulosa va saboqlar chiqargan holda 2028-yili Los-Anjelesda bo‘ladigan navbatdagi olimpiadaga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligini qayd etdi.

Masalan, Parij olimpiadasida 32 ta sport turi bo‘yicha 329 ta medal uchun kurash olib borildi.

Suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi, yengil atletika, eshkakli, baydarka va kanoeda suzish, velosport, o‘q otish va kamondan otish, gimnastika bo‘yicha bizda sport federatsiyalari ham, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun tegishli baza ham bor. Eng muhimi, bu borada iqtidorli sportchilar ham yetarli ekani ta’kidlandi.

Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlari, yunon-rum kurashi, ot sporti, zamonaviy beshkurash, triatlon, qilichbozlik bo‘yicha ham hali ishga solinmagan imkoniyatlarimiz juda ko‘pligi qayd etildi.

“Oldimizda to‘rt yil vaqt bor. O‘ylaymanki, sport federatsiyalari rahbarlari o‘zlariga xulosa qilib, Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘radilar”, – dedi Prezident.

Bunga erishish uchun har bir olimpiya sport turini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda kelgusi to‘rt yilda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta dasturlar qabul qilinadi.

Har bir yo‘nalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi bo‘yicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi. Bu borada “Olimpiya shaharchasi”da musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulotlarni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘tkazish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi.

Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi-yangi iqtidorlarni kashf qilish, ularni manzilli seleksiya asosida xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha ham alohida dastur joriy etiladi.

Buning uchun mamlakatdagi zarur sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga ana shu yo‘nalishlarda yuqori mahoratli sportchilarni tarbiyalagan mahalliy va xorijiy trenerlarni biriktirish lozimligi ta’kidlandi.

Hukumatga sport federatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda har tomonlama asoslangan takliflarini kiritish topshirildi. Ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas bir qismi bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Shu bois mamlakatimizda ommaviy sportni yanada rivojlantirish haqida takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yaqinda Prezident farmoni bilan 33-yozgi Olimpiada o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, ularning murabbiylari hamda sport delegatsiyasi a’zolaridan bir guruhi mukofotlangan edi.

Bugungi marosimda davlat rahbari ushbu yuksak mukofotlarni o‘z sohiblariga tantanali topshirdi. So‘zga chiqqan sportchilar, murrabiy va ota-onalar e’tibor va ishonch, yaratilgan sharoitlar va rag‘bat uchun minnatdorlik bildirdi. Prezident ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelgusi faoliyatida yanada ulkan zafarlar tiladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.