Prezident: Transport xizmatlari tannarxini pasaytirish juda muhim

Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni temir yo‘l va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida transformatsiya jarayonlarining borishiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Yig’ilishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ erishgan bir qancha yutuqlari, lekin hali vazifalar ko‘pligi, transport yo‘llari qanchalik muhimligini dunyodagi murakkab vaziyat ham ko‘rsatayotganligi ta’kidlandi.

Shu bois yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish, tashish jarayonlarini tezlashtirish, transport xizmatlari tannarxini pasaytirish juda muhim.

Yig‘ilishda shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

“Mamlakatimizda iqtisodiyot, savdo aloqalari yildan yilga rivojlanayapti. Aholi daromadi, hududlarning turizm salohiyati ham oshayapti. 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo‘ydik. Shuning uchun transport “arteriya”lariga alohida ahamiyat berishimiz kerak”, dedi Prezident.

Buning uchun barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratib berilmoqda. Hozirgacha sohada 25 yil oldin qabul qilingan qonun bo‘yicha ish yuritib kelinar edi. Shu jihatdan, bugun yangi tahrirda imzolangan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu sohaga xususiy kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.

Endi soha rahbarlari ish uslubi va yondashuvlarini keskin o‘zgartirib, natijani ta’minlashi zarur. Buning uchun, avvalo, sohada transformatsiyani jadallashtirish, qurilish va modernizatsiya loyihalarini sifatli bajarish lozim. Xalqaro kredit reytingi olish, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish, investitsiyalarni samarali ishlatish ham muhim vazifalar qatorida.

O‘zbekiston havo yo‘llari hali aholini rozi qiladigan darajaga yetgani yo‘q. Xalqaro reyting olib, tashqi bozorga chiqish kechikayapti. Oqibatda tannarx yuqoriligi uchun chipta narxida sezilarli o‘zgarish yo‘q. Xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi sust.

Shu bois konsalting kompaniyasi jalb qilib, transformatsiya bo‘yicha aniq dastur va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.