Prezident bokschilar Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Lazizbek Mullajonov bilan telefon orqali suhbatlashdi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasiga navbatdagi 2 ta oltin medalni keltirgan va ularning soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichga erishilishiga hissa qo‘shgan sportchilarimiz – bokschilar Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Lazizbek Mullajonov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati yozmoqda.
“Boks bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda tengsiz ekanini yana bir karra isbotlaganingiz uchun minnatdorlik bildirib, tabriklamoqchiman. Xalqimizning chinakam qahramonlari bo‘ldingiz. Yangi O‘zbekistonning yangi yoshlariga juda katta o‘rnak, namuna bo‘layapsizlar. Yurtimiz o‘g‘lonlari nimalarga qodir ekanliklarini butun dunyo hamjamiyati ko‘rib turdi va men sizlardan g‘ururlanaman”, – dedi davlatimiz rahbari.
Yigitlarimizning kechagi g‘alabalari xalqimizga juda katta mamnuniyat bag‘ishlagani ta’kidlandi. Prezidentimiz yuqori natijalarga erishayotgan olimpiyachilarimizga, butun terma jamoamizga o‘zining qizg‘in salomini yetkazishni so‘radi.
Chempionlar ham Prezident va xalqimiz ishonchini oqlaganidan mamnunligini bildirib, shunday g‘alabalarga erishish imkonini bergan e’tibor va keng sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga tashakkur izhor qildilar. Bundan buyon ham Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarishda davom etishga va’da berdilar.
Sharhlar