Prezident dala chetlaridan foydalanish samaradorligi muhokama qilindi

Foto: Prezident press

Bugungi yig‘ilishda dala chetlaridagi yerlarni samarali ishlatish masalasi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qoraqalpog‘istonda 2,1 ming gektar, Farg‘onada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784 va Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmayotgani ta’kidlandi. Ayrim hududlarda esa dehqonlarga sifatsiz urug‘ va talabga javob bermaydigan dorilar berilayotgani qayd etildi.

Shu sababli, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘simliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi va fermerlar bilan birgalikda urug‘, ko‘chat, dori va o‘g‘it yetkazib berishning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, dala chetlaridan samarali foydalangan tadbirkorlar misol qilib ko‘rsatildi. Jumladan, Asakada 3 gektarda 10 ming dona tut, terak va tok ekib, 5 yil ichida 700 million so‘m daromad ko‘rilgani ma’lum qilindi. Samarqandda esa 6,5 ming aholiga 3 million olcha ko‘chati bepul tarqatilib, ekish yo‘lga qo‘yilgan.

Yil oxirigacha dala chetlaridagi 650 ming va aholiga ajratilgan 364 ming gektar yerni eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish rejasi belgilandi. Shuningdek, tomorqa va dala chetlarida daromadli ekinlar ekish hamda ularni eksport qilishni nazorat qilish vazifasi O‘simliklar karantini va himoya agentligiga yuklatildi.

Samaradorlikni oshirish uchun dala chetlaridan foydalangan fermerlarga qo‘shimcha yengilliklar joriy etilishi ta’kidlandi. Xususan, yer soliqlarini ikki yilga bo‘lib to‘lash, ichki fitosanitariya sertifikatlarini bepul olish, 100 million so‘mgacha kreditlarni soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish ko‘zda tutilgan.

Nazorat tizimini kuchaytirish uchun “e-Fito” platformasi orqali dala chetlaridagi yerlar va hosil hisobi yuritiladi. Har bir mahallada limon va uzum ko‘chatlarini tarqatish, ko‘p qavatli uylar atrofiga uzum ekish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bilan birga, 164 qishloq tumanining mahallalariga minitexnika ajratilib, ular uchun 30 million so‘mgacha garovsiz kredit berilishi rejalashtirilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.