Prezident: Farg‘ona aholisi 2030-yilga borib 5 millionga yetadi

Фото: Президент матбуот хизмати

Quvada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari kecha viloyatda yangi korxonalarni boshqarayotgan tadbirkorlar, zamonaviy texnologiyalarda ishlayotgan yoshlar, chiroyli uy-joy massivlariga ko‘chib o‘tgan odamlarni ko‘rib, mamnun bo‘lganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, dunyodagi hozirgi o‘ta murakkab sharoitda yangi yo‘l ochish, investitsiya olib kelish o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani qayd etildi.

Farg‘ona aholisi 4 milliondan oshdi. Bunday o‘sish bilan viloyat aholisi 2030-yilga borib 5 millionga yetadi. Bu – Farg‘ona viloyatini o‘zida yiliga 100 ta yangi bog‘cha, 40 ta maktab, 20 mingta xonadon va 500 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish kerak, degani.

Bu esa viloyat hokimi, uning 8 ta o‘rinbosari, 19 ta shahar-tuman hokimi oldiga katta vazifalar qo‘yib, ulardan qattiq mas’uliyat talab etishi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yetti yilda viloyatga kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra o‘sdi. Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo‘ldi. Farg‘ona korxonalari 60 ta yangi bozorga kirib bordi.

“Shu bilan birga, agar viloyat rahbariyati yangicha tizim qilib, tadbirkorlar bilan ko‘proq shug‘ullanganida edi, Farg‘onada 2-3 karra ko‘p natijaga erishish mumkin bo‘lar edi”, – dedi davlat rahbari.

Viloyatdagi ba’zi korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygani, ayrimlari ishlamayotgani, 3 ta loyihani ishga tushirish 4-5 yildan beri cho‘zilib kelayotgani tanqid qilinib, mas’ul rahbarlar bunday korxonalarga yordamlashishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Ro‘yxatga olingan tadbirkorlarning muayyan qismi faoliyat yuritmayotgani, ayrimlarida esa aylanma va ish o‘rinlari qayd etilmagani “yashirin iqtisodiyot”dan dalolat berishi qayd etildi.

Mutasaddilarga bu holatlarni o‘rganib, “soyadan” chiqishga ko‘maklashish topshirildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.